O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-avgustdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 41-bandida “Iste’molchi gaz ta’minoti tashkilotidan gaz ballonlarida sotib olingan suyultirilgan uglevodorod gazini faqat gaz ta’minoti tashkilotining xodimi tomonidan tegishli yo‘riqnomadan o‘tkazilganidan keyin mustaqil almashtirishi mumkin. Buning uchun iste’molchi yashash joyiga ko‘ra gaz ta’minoti tashkilotiga yozma ariza bilan murojaat qilishi zarur. Bunda gaz ballonini o‘rnatish joyi loyihaga va/yoki eskizlarga muvofiq bo‘lishi lozim” ligi belgilangan.
Shuningdek, Nizomning 1-ilovasi 3.3-bandi a1) kichik bo‘limida “Iste’molchi suyultirilgan uglevodorod gazi bilan to‘ldirilgan maishiy gaz ballonlarini loyiha yoki eskiz asosida o‘rnatib berish va almashtirish uchun tasdiqlangan tariflarga muvofiq gaz ta’minoti tashkilotining xizmatidan foydalanishi” ko‘zda tutilgan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, “Hududgazta’minot” AJ tizimida gaz xo‘jaligida aholining maishiy gaz ballondan xavfsiz foydalanishini ta’minlash xizmati tashkil etildi va ularning asosiy vazifalari etib, quyidagilar belgilandi:
- suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy gaz ballonni iste’molchi xonadoniga olib kirish, loyiha yoki eskiz asosida o‘rnatish;
- gaz ballonni, ventilni, reduktorni, gaz plitasi va boshqa barcha ulangan joylarini zichligini tekshirish;
- soplolar teshiklari diametri tekshirish va sozlash;
- xomut o‘rnatish;
- gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalari hamda gaz xo‘jaligini texnik ekspluatasiya qilish qoidalari, suyultirilgan gazdan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanish bo‘yicha tushuntirish olib borish;
- xizmat ko‘rsatish yakunida mas’ul xodim tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirib, bajarilgan ishlarga filiallar tomonidan tasdiqlangan tarif bo‘yicha 3000 (uch) ming so‘mdan pul mablag‘lari bo‘yicha to‘lov qog‘ozi berish.
Istemolchilarga qulay xizmatlar taqdim etiladi.
Suyultirilgan gaz etkazib berish tartibi.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-avgustdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida Respublika isteʼmolchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berish ishlari tashkil etilgan. Nizom talablari asosida ishlarning tashkil etilishini yanada yaxshilash, isteʼmolchilarni suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash hamda xizmat koʼrsatish sifatini oshirish maqsadida tizimning moddiy-texnik bazasi yangilanib, modernizatsiya qilinmoqda.
Zamon talablariga muvofiq, "Hududgaztaʼminot" АJ tomonidan gaz taʼminoti tizimiga axborot texnologiyalari faol ravishda joriy etilib, biznes jarayonlar maksimal darajada avtomatlashtirildi.
Bunda "Hududgaztaʼminot" АJ faoliyati shaffofligi taʼminlanadi, aholiga koʼrsatilayotgan xizmat sifati oshiriladi va turli huquqbuzarliklar, shu jumladan korruptsiyaning paydo boʼlish sabablariga barham beriladi.
Shubhasiz, tizimdagi ish jarayonlarining raqamlashtirilishi boshqa xizmatlar samaradorligini oshirish va xodimlar faoliyatida korrutsiyaning tarkibiy qismlari yoʼqotilishiga imkon bermoqda.
Xususan, "Hududgaztaʼminot" АJ tomonidan aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini avtomatlashtirish ishlari yakunlandi.
Tahlillarga yuzlanadigan boʼlsak, ilgari, aholidan aynan shu soha faoliyatiga taalluqli shikoyat, savol va eʼtirozlar koʼp boʼlar edi. Muammoli vaziyatni hal qilish uchun aniq loyiha ishlab chiqilib, quyidagicha yechim qilindi.
Suyultirilgan gaz isteʼmolchilari foydalanishidagi har bir gaz ballonga shtrix-kodli maxsus stikerlar yopishtirilib, har bir isteʼmolchiga pul mablagʼlarini yuklash uchun plastik ID-kartalar tarqatildi. Bu esa naqd pulsiz hisob-kitoblarga oʼtishga imkon yaratdi.
Hozirgi kunda isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berishni nazorat qilish va hisobini yuritish avtomatlashtirilgan "EGaz" dasturi orqali amalga oshirilmoqda. Jumladan, isteʼmolchilar suyultirilgan gaz uchun toʼlovlarni istalgan toʼlov tizimlari orqali amalga oshirishlari va suyultirilan gaz hajmlari yetkazib berilgandagina ID-kartalari yordamida toʼlov qilish imkoniyati yaratildi.
Bevosita raqamlarga toʼxtaladigan boʼlsak, Respublika boʼyicha suyultirilgan gaz bilan taʼminlanayotgan aholi isteʼmolchilari soni jami 3,7 milliontani tashkil etib, 2022-yil 25-aprel holatiga “EGaz” dasturida 3,6 milliondan ortiq isteʼmolchilarning roʼyxatlari shakllantirilgan. Shuningdek, ularning foydalanishda boʼlgan 4,7 mln dona suyultirilgan gaz ballonlari barchasiga toʼliq maxsus bar-kodli yorliqlar biriktirildi.
Bu tizimning joriy etilishi tufayli har bir isteʼmolchi tomonidan suyultirilgan gazni isteʼmol qilish toʼgʼrisida toʼliq maʼlumotni oʼz vaqtida olish va baʼzi oʼz ishiga parda ortidan qarovchi nopok xodimlar tomonidan mahsulot narxlarining sunʼiy ravishda oshirilishining oldi olinishiga erishilmoqda.
Suyultirilgan va tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʼliq muammolar yuzaga kelganda, isteʼmolchilar toʼgʼridan-toʼgʼri tuman gaz idorasi operatorlari, murojaatni roʼyxatga oluvchi 1104 raqamli koll-markaz, shuningdek, “Facebook” ijtimoiy tarmogʼidagi "Gaz taʼminoti muammolar va ularni hal etish yoʼllari" guruhiga murojaat qilishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 633-son qaroriga koʼra, 2019-yil 15-avgustdan boshlab maishiy ehtiyojlar uchun aholiga sotiladigan sultirilgan gaz narxi 1 kg uchun 1120 soʼm etib belgilangan.
Maishiy gaz ballon tashuvchi barcha avtotransport vositalari nazorat tarozisi bilan taʼminlandi hamda isteʼmolchilarga maishiy gaz ballonlar berilayotganda gaz miqdorini oʼlchab olish imkoniyati borligi tushuntirildi. Shu bilan birga, har bir mahalla fuqarolar yigʼinlarida maishiy gaz ballonlarni oʼlchab koʼrsatgan holda targʼibot va tashviqot ishlari kuchaytirildi.